TOShKENT TIBBIYOT AKADEMIYASI TARIXI

Mazkur maqola O‘zbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivida saqlanayotgan hjjatlari asosida tayyorlandi
Hozirgi kunda Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi tibbiyot o‘quv oliygohi va tibbiyot muassasalaridan biri Toshkent tibbiyot Akademiyasi va uning bazasidagi davolash klinikalari tarixi ko‘pchilikka qiziq bo‘lishi mumkin. Ushbu maqola orqali Toshkent tibbiyot Akademiyasi (oldingi Toshkent tibbiyot instituti) tashkil topish tarixi haqida so‘z yuritiladi.
1919-1920 yillarda Turkiston Davlat Universiteti tashkil etilib, uning tarkibida tibbiyot fakulteti ish boshladi va keyinchalik Molotov nomidagi Toshkent Davlat meditsina institutiga aylandi.
Dastlab kichik jamoadan iborat bo‘lgan Turkiston Davlat Universitetining tibbiyot fakulteti yillar o‘tgan sari kuchayib, Ittifoqdagi 73 ta tibbiyot instituti orasidan 1-toifali universitet sifatida shakllandi. 1919-1920 yillarda Moskvada P.P.Sitkovskiydan iborat professorlar guruhi tashkil etilgan tibbiyot fakulteti kafedralari va klinikalarini zarur jihozlar, asbob-uskunalar, o‘quv qo‘llanmalari, jihozlar bilan ta’minlash bo‘yicha, hamda professional professor-o‘qituvchilarni tanlash ishlarni amalga oshirdi.
Mahalliy tibbiyot vakillaridan bo‘lgan taniqli professorlar P.P.Borovskiy, V.F.Voyno-Yasenetski, M.I.Slonim, S.F.Kaplanlar yangi tashkil etilgan tibbiyot fakultetiga taklif qilindilar.
Klinik baza sifatida Turkiston Respublikasi Xalq Komissarlari Sovetining 1920 yil 5 maydagi 837-sonli farmoni bilan sobiq kadet korpusi binosi, hamda unda joylashgan Poltoratskiy kasalxonasi biriktirildi. 1920 yil kuzidan barcha kurslarda darslar boshlandi va yangi tashkil qilingan tibbiyot fakultetiga tibbiyot darslari va amaliyotlar o‘tash boshladi. 1931 yil tibbiyot fakulteti tarixida muhim hodisa, Xalq Komissarlari Kengashining ko‘rsatmalariga ko‘ra tibbiyot fakulteti universitet tarkibidan chiqib mustaqil tibbiyot institutiga aylandi.
O‘sha paytda sobiq sovet ittifoqi davlatlari orasida o‘ziga xos mavqega ega bo‘la boshlagan institut O‘zSSR Sog‘liqni Saqlash Xalq Komissarligining tassarufiga o‘tkazildi. 
Dastlab Toshkent Davlat meditsina institutida 4 ta fakultet ochildi.
Davolash;
sanitar-profilaktik;
ona va bolani muhofaza qilish;
stomotologiya fakultetlari tibbiyot institutida ochilgan dastlabki fakultetlar sifatida tarixda qoldi.
1932-1935 yillar institut faoliyatining barcha sohalarida jonlanish va keng ko‘lamli yangi qurilishlar bilan xarakterlangan.
Bu davrlarda hukumat tomonidan institut uchun 3 million rubl ajratiladi, hamda institutning nazariy va klinik bazasi rivojlantirilib, moddiy-texnik bazasi takomillashadi. Jumladan institutning kutubxona fondi kengayib tibbiyot sohasidagi bir qancha qimmatli adabiyotlar keltiriladi. Samarali faoliyat natijasida institut byudjeti asta-sekinlik bilan o‘sib boradi.
Bu davrlarda Toshkent Davlat meditsina instituti O‘rta Osiyoda tibbiyot o‘chog‘i hisoblanib, institut bazasida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar jahon tibbiyot sohasi vakillari tomonidan e’tirof etilgan.  Dunyoga mashhur tibbiyot olimi professor P.P.Borovskiyning “Pendin yazvasi”teri leyshmaniozining haqiqiy qo‘zg‘atuvchisi kashfiyoti jahon miqyosidagi kashfiyot sifatida tibbiyot tarixida qolgan.O‘sha davrda tibbiyot sohasi vakillarining oldida turgan muhim vazifalardan yana biri aholining tibbiy savodxonligini rivojlantirib borish edi.
Bu davrda aholi asosan tabiblarga murojat qilganlar. Asta-sekin poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlari ishga tushirila boshlagan, hamda respublikamiz qishloq vrachlik punktlarining salmoqli qismiga Toshkent Davlat meditsina institutini tamomlagan shifokorlar xizmat ko‘rsata boshlaganlar.
Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan 1946 yilga qadar, 3032 ta ilmiy ish bajarilgan. O‘z bilim va qobiliyatini turli kasalliklarni, ayniqsa O‘rta Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda keng tarqalgan kasalliklarni o‘rganishga bag‘ishlagan yirik olimlarning ilmiy ishlari alohida e’tibor qozongan. Bunda o‘zining terapiya-tropikologiya-gematologiya maktabini yaratgan professor A.N.Kryukov ning alohida xizmatlarini ta’kidlash lozim.
1920 yil A.N.Kryukov Turkiston Davlat Universitetining terapevtik klinika fakulteti direktori etib tayinlanadi. U O‘rta Osiyodagi ushbu Universitetning faol tashkilotchilaridan biri sifatida uning shakllanishiga katta kuch sarflaydi. 1922 yilda A.N.Kryukov xukumat tomonidan ajratilgan 65 ming rublga Germaniya davlatidan qimmatbaxo asboblar, ilmiy adabiyotlar, o‘quv qo‘llanmalari va kimyoviy reaktivlar olib keladi. A.N.Kryukov 1926 yilgacha shifoxonaning gospital terapevtik klinikasini, 1927 yildan esa o‘zi tomonidan ochilgan tropik kasalliklar klinikasini boshqargan. Olimning tashkilotchilik mahorati, iste’dodi va doimiy ravishda yangilikka intilishi qisqa vaqt ichida tibbiyot fakulteti o‘quv bazasida ilmiy izlanishlar olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga yordam berdi. U boshchilik qilgan klinikalarda ichki organlar, qon tizimlari kasalliklarini aniqlashning eng zamonaviy usullari va uskunalaridan foydalanilgan. Uning atrofida iqtidorli kadrlar yig‘ilgan bo‘lib, ular orasida mashhur tibbiyot olimlari I.A.Kassirskiy, A.G.Alekseyev, Z.I.Umidova, O.N.Pavlova, A.F.Korovnikov, E.I.Ataxanov, N.I.Ismailov, A.Askarovlar ham bor edi. Ular keyinchalik taniqli olimlar va A.N.Kryukov ishining davomchilariga aylanib tibbiyot sohasida samarali faoliyat olib borganlar. A.N.Kryukov tomonidan tashkil etilgan ilmiy yo‘nalish, Markaziy Osiyoda tibbiyotning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan.
Professor P.S.Sitkovskiy bilan birgalikda ilk “Turkiston tibbiyot jurnali” ni tashkil etishga va nashr etishga muvaffaq bo‘lganlar. Yillar davomida ular ushbu jurnalning muharrirlari bo‘lishgan. A.N.Kryukovning O‘zbekistonda ishlagan yillari ilmiy jihatdan samarali bo‘lgan. U va uning shogirdlari Markaziy Osiyoda topilgan va ilgari noma’lum bo‘lgan bir qator kasalliklarni aniqlashgan va davolash usullarini ishlab chiqqanlar.
A.N.Kryukov SSSR da birinchi bo‘lib spru kasalligini tavsiflab, ushbu kasallikda qon tizimidagi o‘zgarishlarni o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan. Kryukov A.N. ning bu tadqiqotlari “Turkistonda spru”, “Spru kasalligida kamqonlik” xaqidagi maqolalarida aks etgan. 1931 yilda u Moskvaga qaytib, N.V.Sklifosovskiy nomidagi institutda shoshilinch terapiya bo‘limini boshqargan. Ikkinchi jahon urushi davrida A.N.Kryukov SSSR Sog‘liqni Saqlash Vazirligi qoshidagi evakogospitallarning bosh terapevti vazifasida ishlagan. Evakogospitallardagi shifokorlarning qiyin va ma’suliyatli vazifalarini yengillashtirish maqsadida A.N.Kryukov 1944 yilda “Eng muhim klinik sindromlar” kitobini nashr etadi. Ushbu kitob yillar davomida shifokorlar uchun qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgan. Urush tugaganidan ko‘p o‘tmay, 1946 yilda A.N.Kryukov qonning asl atlasini tayyorladi va shu bilan o‘zining 1920 yilda uch jildda nashr etgan “Qon morfologiyasi” nomli kitobini yakunladi.
Tashkilotchilardan yana biri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zSSR FA ning muxbir a’zosi, professor M.I. Slonim O‘rta Osiyoning hayoti va iqlim sharoitini yaxshi bilgan holda o‘zining terapevt-klinitsistlar maktabini yaratdi. Professor M.I.Slonimning “Bo‘g‘imlar siflisi” monografiyasi nafaqat venerologlar, balki barcha shifokorlar uchun katta ilmiy asar bo‘lib xizmat qilgan. Professor va uning shogirdlari tomonidan O‘zbekistonning issiq, tog‘li va cho‘l iqlimining inson organizmiga ta’siri o‘rganilgan.
Atoqli terapevt professor Ragoza tomonidan yaratilgan infeksionistlar maktabi O‘rta Osiyodagi yuqumli kasalliklarning bakteriologiyasi, diagnostikasi, davolash, profilaktikasi va kechish xususiyatlarini, hamda brutselloz kasalligini har tomonlama o‘rganganlar.
O‘sha davrning yirik jarrohlari P.P.Sitkovskiy, M.S.Astrov, P.P.Borovskiy, I.I. Orlov tomonidan jarrohlik maktabi yaratilgan. Orlov boshchiligidagi xirurgik klinika birinchilardan bo‘lib, sil kasalligini jarrohlik yo‘li bilan davolash usulini topdi. Professor Orlov I.I. neyroxirurgiyaga katta e’tibor berdi, ayniqsa Ikkinchi jahon urushi yillarida SSSRda birinchi bo‘lib amnioplastinlardan foydalandi.
Rentgenologlar maktabi asoschisi Moskva va Toshkentdagi tibbiyot institutlarini tashkil etishda faol ishtirok etgan olim professor S.A. Molchanov xisoblanadi. Molchanov S.A. rentgen nurlarining leyshminoz kasalligiga ta’siri va ularni davolashda qo‘llanilishi mumkinligini aniqlagan. 1938-39 yillarda Sovet Ittifoqida birinchilardan bo‘lib professor Molchanov S.A. tomografiya bo‘yicha olib borgan ilmiy izlanishlari eng murakkab kasalliklar diagnostikasi bo‘yicha katta yutuqlarni olib kelgan. Professorning xozirgi kunda O‘zbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivida alohida qimmatli hujjatlar qatoridan joy olgan “Bolezn Temura” nomli maqolasi, hamda olim tomonidan qilingan A.Temur suyaklari rentgen suratlari saqlanmoqda.
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, institutda ko‘plab iste’dodli o‘zbek olimlari yetishib chiqganlar, bular prof.Ismailov, professor Nadjmitdinov, O‘zSSR FA ning muxbir a’zosi, professor A.A.Askarov, professor Maksumov D.N., professor Miraxmedov U.M., professor Sh.M.Shamatovlardir.
Ikkinchi jahon urushi davrida Toshkent Davlat meditsina instituti o‘zining bunyodkorlik qudratining eng yuqori cho‘qqisiga chiqgan edi. Urush tufayli institutning ishi ham o‘quv-uslubiy jihatdan, ham tibbiyot va ilmiy ishlar nuqtai nazaridan zudlik bilan qayta tuzildi. Mamlakatda nafaqat tinchlik davrida, balki, asosan, urush davrida tibbiyotni yaxshi biladigan shifokorlarni ko‘paytirish kerak edi. Institut bu vazifani ham son jixatdan, ham sifat jihatidan a’lo darajada bajardi. Ko‘plab professor-o‘qituvchilar o‘z ixtiyorlari bilan frontga jo‘nab ketishdi, yuqori kurs talabalari esa ularning o‘rinlarini egallab, o‘z ishlarini a’lo darajada bajardilar. ToshMI professor-o‘qituvchilarining faol ishtiroki bilan qisqa vaqt ichida Toshkent shahrida evakogospitallar tashkil etildi.
Bu gospitallarda asosan institutning professor-o‘qituvchilari va talabalari faoliyat yuritganlar. Xususan, institut xodimlari tomonidan 3666-sonli evakogospitalga homiylik qilingan va ToshMI hududidan bino va jihozlar ajratilgan. Institut shifokorlari tomonidan “TOShMI” nomli jangovar samolyotini qurish uchun mablag‘ yig‘ilgani ham hujjatlarda yozilgan.
Urush yillarida institutning ilmiy faoliyati mudofaa xarakteridagi maqsad va vazifalarga bo‘ysundirildi. Professor Volыnskiy A.S qonni saqlashning magneziya-sitrat usulini ishlab chiqqan va professor Yasevich V.K. uni amalda qo‘llagan, buning natijasida Sovet Armiyasining minglab askarlari va qo‘mondonlarining hayoti saqlanib qolingan.
Epidemiologiya kafedrasi professori Georgiyevskiy A.V. boshchiligidagi shifokorlar respublikada epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirishda bevosita ishtirok etib, bu borada O‘zSSR Narkozdravga yordam ko‘rsatgan.
Sovet Armiyasida tibbiy yordamning to‘g‘ri tashkil etilishida, shubhasiz, ToshMI o‘qituvchilari va tarbiyalanuvchilarining salmoqli hissalari bor. Agar 1921 yilda atigi 20 nafar shifokor bitirgan bo‘lsa, Ikkinchi jahon urushi avjiga chiqqan 1942 yilda institutni 722 nafar shifokor tamomlagan. Institutning 25 yillik faoliyati yoritilgan hujjat ko‘rilganda institut tomonidan 4814 nafar mutaxassis tayyorlanganligi ta’kidlab o‘tilgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida esa oliygohni 2122 shifokor tugatgan shifokorlarning eng ko‘p soni, ya’ni institut mavjud bo‘lgan davrdan shifokorlarning umumiy sonining deyarli 50% foizini tashkil etgan.
ToshMI olimlari tomonidan Ikkinchi jahon urushining dastlabki oylaridanoq harbiy shifokorga yordam berish maqsadida bir qancha qo‘llanmalar nashr etilgan. Urush yillarida tibbiyot oliygohining 5-kurs talabalari o‘qish bilan bir qatorda evakogospitallar va davolash maskanlarida shifokor lavozimida faoliyat olib borganlar. Ularga besh yillik stajga ega bo‘lgan shifokorlarga to‘lanadigan xaq buyicha ularga oylik maosh belgilangan.
Institutga front, hamda sovxoz va kolxozlardan kelib tushgan ko‘plab minnatdorchilik maktublari institut bitiruvchilarining yuqori malakali kadr ekanligidan dalolat bergan. Institut professor-o‘qituvchilari va shifokor-talabalari mardonavor malakali yordam ko‘rsatib, vatanimizning chinakam vatanparvarlari ekanliklarini isbotlaganlar.Ularning aksariyati hukumat tomonidan yuksak mukofotlar bilan taqdirlanganlar va urush tugagandan so‘ng institutga qaytib o‘z faoliyatlarini davom ettirganlar.
Xozirgi kunda arxivimizda Ikkinchi jahon urushiga talluqli qiziqarli ma’lumotlar juda ko‘p ularning aksariyati hali o‘rganilmagan desak ham bo‘ladi. Bugungi kunda arxivimiz ilmiy xodimlari tomonidan bu hujjatlarni yanada chuqurroq o‘rganish ishlari olib borilyapti. Kelgusida bu ma’lumotlar yuzasidan ko‘plab maqolalar yozishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. 


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati